Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kafedralari filiali ochildi
2025-06-05 13:15:00 / Jamg'arma yangiliklari

Jahon bozorida raqobatning tobora keskinlashuvi sharoitida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashda taʼlim sifati va ilmiy salohiyatni koʻtarish orqali kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” PF-5847-son Farmoni, shuningdek, 2024-yil 7-fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-62-son qarorida taʼkidlanganidek, iqtisodiyot va moliya sohasiga mutaxassis kadrlarni tayyorlashga mutasaddi boʻlgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish, oʻquv jarayonlariga eng soʻnggi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida tashkil etish, universitetning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yana-da oshirish, ayniqsa davlat moliyasini boshqarish va tartibga solish amaliyotini nazariya bilan samarali bogʻlash mamlakat iqtisodiyoti va moliya tizimlari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi hisoblanadi.
Moliya sohasi uchun yuqori malakali hamda xalqaro talablarga mos mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, oʻquv hamda ilmiy jarayonlarni xalqaro standartlarga asoslanib innovatsion shakl va usullar asosida tashkil etish, davlat moliya tizimi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va moliya sohasidagi ilmiy faoliyatni yanada jadallashtirish uchun nazariyotchi olimlar va amaliyotchi mutaxassislarning faoliyatini uygʻunlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasida universitetning “Moliya va moliyaviy texnologiyalar” va “Budjet hisobi va gʻaznachilik” kafedralarining filiali ochildi.
Mazkur amaliyot obyektida mutaxassis tayyorlovchi kafedralarning ushbu filialini ochishdan maqsad bir nechta muhim omillarga asoslangan.
Birinchidan, kafedra filiali faoliyati moliya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratiladi, ularga taʼlim berish, amaliy koʻnikma va tajriba orttirish jarayonlari toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotda qoʻllanilayotgan axborot va texnologik taʼminotga asoslangan boʻladi.
Ikkinchidan, kafedra filiali amaliyot bilan talabalarga berilayotgan nazariy bilimlarni uygʻunlashtirishga imkon yaratadi, bu esa talabalarning amaliy koʻnikmalarini real sharoitlarda sinab koʻrishlariga imkon beradi.
Uchinchidan, kafedra filiali bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tayyorlanayotgan mutaxassislarni bir qator moliyaviy va iqtisodiy vazifalarga, aniq lavozimlarga tayyorlash hamda bitiruvchilarni ishonchli ish oʻrinlari bilan taʼminlash, ish beruvchilarni esa zamon talabalariga javob beradigan kadrlarni tanlab olish va joy-joyiga qoʻyish imkoniyatini yaratadi.
Toʻrtinchidan, kafedra filialining samarali ishlashi natijasida iqtisodiy va moliyaviy bilimlarni mukammallashtirish, universitet bilan hamkorlikda bu sohadagi ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyati kengayadi.
Pensiya jamgʻarmasi huzurida kafedralar filialining ochilishi “fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi”ni taʼminlash orqali talabalarning amaliy koʻnikmalarini oshirish, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga oʻtishni taʼminlashga qaratilgan tuzilma boʻlib xizmat qiladi.