ISSV rahbari uchrashuvlar o‘tkazmoqda va muhim hujjatlarni imzolashda ishtirok etmoqda.
2025-06-11 13:55:00 / Yangiliklar

IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazmoqda va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda strategik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bitimlarni imzolashda ishtirok etmoqda.
Jumladan, Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Ikki muhim hujjat - Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturi imzolandi.
Tadbir doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayashi bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. JBIC O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirishda strategik hamkor sifatida tan olingan. Loyihalarning qo‘shma portfeli energetika, telekommunikatsiya, neft-kimyo va infratuzilmani o‘z ichiga olgan holda 3,7 milliard dollarga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik va suveren bo‘lmagan moliyalashtirishni kengaytirish, jumladan, Toyota Tsusho, NEC, Sumitomo kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar muhokama qilindi.
JBIC Samarqand va Qoraqalpog‘iston viloyatlarida quyosh va shamol elektr stansiyalari, shuningdek, Sojitz bilan hamkorlikda Samarqand shahrida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika qurilishida 250 million dollar miqdorida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (ICD) va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida 500 million dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashda ishtirok etdi. 2025-2030-yillarga mo'ljallangan ushbu hujjat O'zbekistonda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishni maqsad qilgan. Hamkorlik boshlanganidan buyon 374,95 million dollarlik 16 ta loyiha amalga oshirildi va 292,41 million dollarlik yana 8 ta loyiha amalga oshirilib kelinmoqda.
Bundan tashqari, turizmni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi bilan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish - Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Sea Breeze Uzbekistan to‘rt fasllik kurortini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 5 milliard dollar bo‘lib, 577 gektar, jumladan, birinchi bosqichda 100 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha turizm infratuzilmasini rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va xorijiy sayyohlarni jalb qilishga salmoqli hissa qo‘shadi. Tomonlar loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar hamda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Laziz Kudratovning TIIF-2025 doirasidagi uchrashuvlari davom etmoqda.