“Khiva Lokomotiv Hotel” mehmonxonasini ochiq savdo jarayonlari “E-auksion” elektron savdo platformasida davom ettiriladi
2025-06-25 10:50:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, tegishli xususiylashtirish dasturiga muvofiq, “Xiva Lokomotiv” MChJ (“Khiva Lokomotiv Hotel” mehmonxonasi) ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) ochiq savdo jarayonlari boshlangan.
Dastlabki savdo jarayonlari “RSM Uzbekistan” kompaniyasi maslahatchiligida olib borilgan. Savdo jarayonlarida ishtirok etgan talabgorlarning takliflari Aktivning narx kutilmasiga muvofiq emasligini inobatga olib, savdo mexanizmini oʻzgartirish toʻgʻrisida Xususiylashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori qabul qilingan.
Shunga koʻra, mazkur Aktiv boʻyicha xususiylashtirish jarayonlari keyingi oʻrinlarda “E-auksion” elektron savdo platformasida davom ettiriladi.
Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
- “Khiva Lokomotiv Hotel” mehmonxonasi
- Sotilayotgan ulush: 100 foiz;
- Manzili: Xorazm viloyati, Xiva shahri, “Yangihayot” MFY, A.Temur koʻchasi;
- Umumiy maydoni: 0,7407 ga;
- Bino-inshootlarning egallagan umumiy maydoni: 2 802,3 kv.m;
- Aktivning boshlangʻich narxi: 49 825 842 000 soʻm;
- Savdo tashkilotchisi: “E-auksion” elektron savdo platformasi;
- Lot raqami: 16122810 (havolaga oʻtish).
Mazkur mehmonxona 154 ta mehmonlarni sigʻdira oladigan 6 xil turdan iborat 78 ta (jumladan, 14 ta bir kishilik, 6 ta ikki kishilik standart, 48 ta alohida ikki kishilik standart, 6 ta uch kishilik, 2 ta lyuks va 2 ta apartament) xonalari mavjud.
Aktiv haqidagi barcha maʼlumotlar, jumladan moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan “E-auksion” elektron savdo platformasi (www.e-auksion.uz) orqali tanishish mumkin.